Jamg’arma kafillik

Kafillik — qarz oluvchining tijorat banki oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun javob berish mas’uliyatini Jamg‘armaga yuklaydigan kafillik shartnomasi.

Jamg‘arma tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etadi.

2025-yil 1-yanvarga qadar olis va borish qiyin bo‘lgan, shuningdek, mehnat resurslari ortiqcha hududlar hamda kooperatsiya asosida kichik biznesni va mahallalarga biriktirilgan “yetakchi” kichik tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek, kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarga ajratiladigan kreditlarning 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi.

Loyihalarning tavakkalchilik darajasidan kelib chiqqan holda, Kengash tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan kafillik summasining 2 foizi miqdorigacha bir martalik vositachilik haqi olinadi.

Kafillik quyidagi maqsadlardan tashqari barcha yo‘nalishlarga beriladi:

— alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va (yoki) ularning ulgurji savdo faoliyatini tashkil etish;
— savdo (eksportoldi moliyalashtirish bundan mustasno), umumiy ovqatlanish hamda avtomobillarga yonilg‘i quyish hamda elektr quvvatlantirish shoxobchalari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish;
— yengil va ilgari foydalanishda bo‘lgan yuk avtotransport vositalari sotib olish va ularni ta’minlash (chet eldan olib kelinadigan yuk avtotransport vositalaridan tashqari);
— bino-inshootlarni sotib olish;
— aylanma mablag‘larni shakllantirish (eksportoldi moliyalashtirish bundan mustasno);
— ilgari olingan kredit va lizinglarni yoki boshqa har qanday qarzni qaytarish;
— nobank kredit tashkilotlari, lizing va sug‘urta kompaniyalari resurs bazasini shakllantirish.

Jamg‘arma tomonidan kafillik faqat:

— O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan;
— tugatilish bosqichida bo‘lmagan;
— ularga nisbatan bankrotlik tartiboti qo‘zg‘atilmagan;
— murojaat sanasida kredit, lizing, soliq va majburiy yig‘imlar bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorligi bo‘lmagan;
— yomon kredit tarixiga ega bo‘lmagan (ushbu holat “Kredit-axborot tahlil markazi” Kredit byurosi ma’lumoti asosida aniqlanadi) qarz oluvchiga kafillik beriladi.

Kafillik olish uchun tijorat bankiga ariza bilan murojaat qilish yetarlidir. Tijorat banki kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari arizasi asosida Jamg‘armaga tadbirkor.statefund.uz axborot tizimi orqali elektron tarzda buyurtmanoma taqdim etadi, taqdim etilgan buyurtmanoma 3 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi va Jamg‘armaning tegishli javobi elektron tarzda tijorat bankiga yetkaziladi.