12.02.2021 - 11:24 278

Qorako‘lchilik tarmog‘ida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

Qorako‘lchilik tarmog‘ida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan  qo‘llab-quvvatlanadi

Qorako‘lchilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, yaylovlardan samarali foydalanish va yaylovlardan foydalanishda soliq imtiyozlarini qo‘llash, urug‘chilik ishini yo‘lga quyish, naslchilik ishlarini takomillashtirishda subsidiya berish tartibini qo‘llash hamda sohaning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida joriy yilning 9-fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning “Qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Moliya vazirligi qorako‘lchilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2021-yil 15-fevralga qadar Moliya vazirligining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lari hisobidan 100 milliard so‘m mablag‘larni “Turonbank” ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratishi belgilandi.

Ushbu mablag‘lar Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi a’zolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasiga 2 foizlik bank marjasini qo‘shish orqali (bugungi kunda 14%+2%=16% ga to‘g‘ri keladi) taqdim etilishi qayd etildi.

Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi “Turonbank” ATB tomonidan “Qorako‘lchilik” uyushmasi a’zolariga quyidagi:

  • naslchilik qorako‘lchilik xo‘jaliklaridan qo‘ylar xarid qilish;
  • qorako‘lchilik sohasida eksportbop qorako‘l va qorako‘lcha terini qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish;
  • qorako‘lchilik sub’ektlari tomonidan ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etilishini hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari, resurs tejovchi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar xarid qilinishini moliyalashtirish;
  • suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish maqsadlarida ajratiladigan kredit foiz harajatlarining 50 foizi, biroq 10 foizlik punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorida kompensatsiyalar beradi.