27.01.2021 - 11:42 941

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyati 2020-yil raqamlarda

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyati 2020-yil raqamlarda

Bugungi kunda kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jamg‘arma tomonidan kafillik va kompensatsiya shaklida moliyaviy yordamlar berib kelinmoqda.

Birgina o‘tgan yil davomida 20 258 ta kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining tijorat banklaridan olingan 33,208 mlrd. so‘mlik kreditlari bo‘yicha Jamg‘arma tomonidan 6,993 mlrd. so‘m miqdoridagi moliyaviy majburiyatlar olingan.

O‘z navbatida, tahlillar natijasi shuni ko‘rsatadiki, 2020-yilda:

  • tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha 5356 ta kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga Jamg‘armaning 4,172 mlrd. so‘m miqdordagi kafillik majburiyatlari olingan, natijada Jamg‘armaning kafilligidan foydalanuvchi kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari soni 2019-yilga nisbatan 4,2 barobarga oshgan;
  • tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Jamg‘armaning kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordamidan foydalangan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari soni esa 14 902 ta yetgan va Jamg‘arma 2,821 mlrd. so‘m miqdorda foiz xarajatlari qoplash yuzasidan majburiyatlar olgan, natijada 2019-yilga nisbatan kompensatsiya oluvchilar soni 4,4 barobar hamda to‘lab beriladigan foiz xarajatlari miqdori 3,3 barobarga oshgan.

Bundan tashqari koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yildagi PF-5969, PF-5978, PF-5986, PF-5996-sonli farmonlariga muvofiq Jamg‘arma tomonidan 6 mingga yaqin kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining kreditlari bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatildi.