/Jamg’arma xizmatlari/Jamg'arma kompensatsiyasi

Jamg'arma kompensatsiyasi

Kompensatsiya — tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha kredit foiz stavkasining bir qismini qoplashdir.

Kompensatsiya xizmati bepul taqdim etiladi.

Jamg‘arma tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi.

Bunda, kompensatsiya «2+1» tamoyili asosida kredit (lizing)ning dastlabki ikki yili uchun taqdim etiladi, tadbirkorlar tomonidan biznes rejada ko‘zda tutilgan mahsulot (xizmat)lar ishlab chiqarish hamda ish o‘rinlari yaratish ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan taqdirda, kompensatsiya taqdim etish davri qo‘shimcha bir yilga uzaytiriladi.

Kompensatsiya quyidagi maqsadlardan tashqari barcha yo‘nalishlarga beriladi:

  • alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va (yoki) ularning ulgurji savdo faoliyatini tashkil etish;
  • savdo (eksportoldi moliyalashtirish bundan mustasno), umumiy ovqatlanish hamda avtomobillarga yonilg‘i quyish hamda elektr quvvatlantirish shoxobchalari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish;
  • yengil va ilgari foydalanishda bo‘lgan yuk avtotransport vositalari sotib olish va ularni ta’minlash (chet eldan olib kelinadigan yuk avtotransport vositalaridan tashqari);
  • bino-inshootlarni sotib olish;
  • aylanma mablag‘larni shakllantirish (eksportoldi moliyalashtirish bundan mustasno);
  • ilgari olingan kredit va lizinglarni yoki boshqa har qanday qarzni qaytarish;
  • nobank kredit tashkilotlari, lizing va sug‘urta kompaniyalari resurs bazasini shakllantirish.

Joriy kreditlar yoki budjetga to‘lovlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan qarz oluvchilarning loyihalari bo‘yicha kompensatsiya berilmaydi.

Kompensatsiya olish uchun tijorat bankiga ariza bilan murojaat qilish yetarlidir.

Jamg‘arma kompensatsiya berishni quyidagi hollarda to‘xtatib turadi:

  • kompensatsiya berish to‘g‘risidagi shartnoma amal qiladigan kreditdan boshqa maqsadda foydalanilganda;
  • qarz oluvchi tomonidan kredit bo‘yicha asosiy qarzning tegishli qismi kredit shartnomasi bo‘yicha to‘lovlar jadvaliga muvofiq majburiyatlar yuzaga keladigan sanadan boshlab 90 kun mobaynida qaytarilmaganda;
  • qarz oluvchi va/yoki tijorat bankining buyurtmasida ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlanganda.